UCH TILDA MASTER-KLASS: GLOBAL AXBOROT MAKONDA KENG FIKRLASH STRATEGIYALARI

 

 Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati rahbari Sardor Usmanov Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) talaba-yoshlari uchun “Global axborot makonda keng fikrlash strategiyalari” mavzusida uch tilda – oʻzbek, rus va ingliz tillarida master-klass tashkil etdi.

 

 

S.Usmanov ma’ruzasi avvalida, TDSHU talabalarini yangi oʻquv yili bilan qutlab, yilni intellektual jihatdan qiziqarli va mazmunli oʻtkazishni tiladi.

Sharqshunoslik akademik yoʻnalish sifatida yuz yillar davomida eng dolzarb va qiziqarli sohalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Yetuk sharqshunoslar oʻz davrining eng koʻp bilim va har tomonlama ma’lumotga ega mutaxassislar sifatida hukumat va jamiyatlarni birlashtiruvchi kuch boʻlib kelgan. Ularning koʻpchiligi hukumat maslahatchisi, muxtor elchilar vazifalarini bajargan.

Mamlakatimiz azaldan ko‘plab kuchli sharqshunoslarni voyaga yetkazgan maktabga ega boʻlgan. So‘nggi yillarda yangi Oʻzbekistonda ham XXI asr sharqshunoslarini voyaga yetkazishga katta e’tibor qaratilmoqda.

S.Usmanov hozirgi xalqaro makonda axborot xaddan ziyod ko‘p boʻlgan davrda boʻlgʻusi sharqshunos talabalar qanday qilib oʻzlari uchun kerakli axborotni izlash, keraksiz detallarga chalg’ib ketmaslik boʻyicha maslahatlar berdi.

Bugungi kunda oliygohlar talabalarga chuqur va ixtisoslashgan bilimlar bera oladi, ammo bu bilimlarni real amaliy kontekstda qoʻllay olishni oʻrgata olmasligi mumkin. Shuning uchun zamonaviy muallimlar, avvalambor, talabalarga keng fikrlash, oʻrganitalyotgan masalalarga turli rakurslardan qarash, jarayonlar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqliklarni koʻra bilish koʻnikmalarini oʻrgatish kerak. Ixtisoslashgan bilimlarni (ular qanchalik sifatli boʻlmasin) oʻrgatsak ham, talabalar ularga tayanib real vaziyatda toʻgʻri qaror qabul qila olmasa, ta’lim jarayoni samarali boʻlmagan boʻladi.

Shu bilan birga, muallimlar talabalarni oʻqish va hayotda texnik detallarga berilib ketmaslik, kundalik ishlar rejalashtirilganda uzoq muddatli maqsadlarni unutmasligini uqtirishi lozim. Ya’ni, talabalarga kundalik qilayotgan ishlarini oʻrgatibla qolmay, nima uchun qilayotganini, pirovardida qayerga ketayotganini anglashini oʻrgatishimiz zarur.

“Agar global axborot makonida passiv kuzatuvchi emas, balki faol va ta’sirchan ishtirokchi boʻlish niyatingiz boʻlsa, strategik darajada fikrlab, zamon pulsini tushunish, katta axborot massivlari bilan ishlashni oʻrganishimiz kerak”, dedi S.Usmanov.

Ma’ruza so‘nggida talabalarga boshlangan oʻquv yili muvaffaqiyatli boʻlishini tilab, har kuni, har on yangi narsalarni oʻrganib, ulardan eng kerak boʻlgan jihatlarni hayotda qoʻllay olishga doir motivatsion tavsiyalar berdi.

 

Дерек : https://edu.uz

11.09.2021