#Rasmiy_bayonot Ijtimoiy tarmoqlarda yangi o‘quv yilida ta’lim jarayonining an’anaviy (oflayn) tarzda boshlanishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan

Ayni kunlarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining pandemiya sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda ta’lim jarayonini an’anaviy (oflayn) tarzda tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra tegishli ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish yuzasidan yakuniy xulosa tasdiqlangandan so‘ng, vazirlik sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali rasmiy tarzda e’lon qilinadi.

Shu o‘rinda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalarni pandemiya sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini, ularning ota-onalari ham farzandlari sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan qarashlari va, albatta, vaksinatsiya jarayoniga faol ishtirok etishlarini so‘rab qoladi.

Emlash talabalarning yaxshi bilim olishlari bilan bir qatorda o‘zlari hamda professor-o‘qituvchilarning ham sog‘-salomat bo‘lishini ta’minlaydi.